«Hayrat ul-abror» va «Sher bilan durroj»
«Hayrat ul-abror» («Yaxshi kishilarning hayratlanishi») – Navoiy «Xamsa»sidagi birinchi doston; u 63 bob va 20 maqolatdan iborat. Har maqolatda shoir avval mavzuni tushuntiradi, so‘ng uni qiyosiy misollar bilan yoritadi va oxirida ibratli hikoyat keltiradi. «Sher bilan durroj» hikoyati o‘ninchi maqolatning «Rost so‘z ta’rifida» qismidan olingan. Unda sher bolasini chumolilardan asrash uchun og‘zida tishlab yuradi; durroj to‘satdan pirillab uchganda sher cho‘chib, bolasini tishi bilan yaralab qo‘yadi. Shuning uchun sher durroj bilan do‘stlashib, xavf tug‘ilsa yordam berishga va’da qiladi. Durroj esa sayrashida yolg‘onni odat qilgan, sherning nasihatiga quloq solmaydi. Bir kuni u ovchi tuzog‘iga tushib, yordam so‘rab qichqiradi, ammo sher buni ham yolg‘on deb o‘ylaydi va durroj halok bo‘ladi. Hikoyat so‘ngida shoir: rost gapir, yolg‘onchining rosti ham yolg‘on sanaladi, deydi.
Sahnalashtirish: 3 o‘quvchi – sher, durroj, ovchi; hikoyat voqealarini 1 daqiqada ko‘rsating.