Wordda formulalar yozish
Matematika va fizika darsliklarida kasr, daraja, ildiz kabi murakkab ifodalar uchraydi; ularni oddiy matn bilan yozish qiyin. Buning uchun Wordda formulalar muharriri bor: Joylashtirish (Insert) tabining Belgilar (Symbols) guruhidagi Tenglama (Equation; eski versiyalarda «Formula») tugmasi yoki Alt+= klavishlari. Yurgich turgan joyda formula uchun maydon paydo bo‘ladi va Tenglama (Equation) tabi ochiladi. Unda ikki bo‘lim bor: Belgilar (Symbols) – munosabat belgilari (≤, ≥, ≠), yunon harflari, amal belgilari; Tuzilmalar (Structures) – oddiy kasr, yuqori va quyi indeks, ildiz, integral, qavslar, funksiyalar. Kerakli tuzilma tanlansa, uning ichida to‘ldiriladigan kvadratchalar paydo bo‘ladi; ularga sonlarni yozib, Tab yoki strelkalar bilan o‘tiladi. Formuladan chiqish uchun sichqonchani hujjatning bo‘sh joyiga olib borib bir marta bosish yetarli. Formulada xato bo‘lsa, uni bosib, yurgich kerakli joyga qo‘yiladi va tuzatiladi. Zamonaviy Wordda tez yozish uchun chiziqli kiritish ham bor: masalan, 1/2 deb yozib probel bosilsa, u kasr bo‘lib qoladi; x^2 yozib probel bosilsa, daraja hosil bo‘ladi.
«Formula ustalari»: o‘qituvchi doskada 5 ta ifoda yozadi; o‘quvchilar ularni Wordning formulalar muharririda tez va to‘g‘ri yozib, juftlikda tekshirishadi.